Asosiy qismga o'tish
Otabek Abdiraimov
Blog

Kutuvlarni past qiling

O‘qishga grantga kiraman deb natijasi chiqishini kutdi, kontraktligini bilib stressga tushib qoldi.

“Yaxshi ishga kirsam, hammasi o‘zgaradi”, deb o‘yladi. Kirdi. Maoshi yaxshi edi. Lekin endi lavozim ko‘tarilishini kutadigan bo‘ldi.

Kutishning qiziq tomoni bor.

Bir narsani kutayotgan paytingizda, hozirgi hayotingizni vaqtinchalik deb qabul qilasiz.

“Universitetga kirsam...”
“Ish topsam...”
“Pulim ko‘paysa...”
“Uy olsam...”
“Turmush qursam...”

Keyin o‘sha narsa keladi.

Lekin baxt kelmaydi.

Chunki baxtni biror voqeaga bog‘lab qo‘yganmiz.

Shuning uchun kutuvlarni past qiling.

Rejalaringizni emas.

Kutuvlaringizni.

Grantga kirishga harakat qiling, lekin kontrakt bo‘lsa ham hayotingiz buzilib ketmasin.

Yaxshi ish topishga harakat qiling, lekin hozirgi ishingizni ham yomon ko‘rib yashamang.

Katta uy olishni xohlang, lekin hozirgi kichkina xonangizda ham xotirjam uxlay oling.

Ko‘p narsani xohlash mumkin.

Faqat xohlagan narsangiz kelmaguncha yashashni to‘xtatib qo‘ymang.

Hayot natija chiqqandan keyin boshlanmaydi.